Mangulikdagi so‘nmas quyosh

Katta iste’dod avval xalq e’tiborini, keyin xalq muhabbatini va nihoyat xalq e’tiqodini qozonadi. Aslida mana shu uch bosqichning har biri bir umrga teng. O‘zbek adabiyotining yirik vakili, atoqli adib, asarlarida xalq dardini kuylagan O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov chin ma’noda ana shunday yuksak maqomga ko‘tarila olgan ijodkordir. Shu bois adib bu dunyodan o‘tgan bo‘lsada, qalblarimizda yashamoqda.

Prezidentimiz Farmoniga muvofiq, O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov tavalludining 80 yilligi mamlakatimiz miqyosida keng nishonlanmoqda.

Toshkent tibbiyot akademiyasi akademik litseyida bo‘lib o‘tgan «Mangulikdagi so‘nmas quyosh» deb nomlangan adabiy-badiiy kecha ana shunday tadbirlardan biridir. Unda yozuvchining oila a’zolari, shogirdlari, o‘qituvchi va o‘quvchi-yoshlar qatnashdi.

Anjumanda yozuvchi xotirlandi. Uning hayot yo‘llari, shaxs sifatidagi fazilatlari, adolat va halollik uchun kurashi, shoh asarlari, jumladan, «Dunyoning ishlari» qissasining yozilish tarixi, «Ikki eshik orasi», «Tushda kechgan umrlar» romanlaridagi asosiy g‘oya haqida yoshlarga so‘zlab berildi. Adibning mangulikdagi so‘nmas siymosiga nazar solgan holda u qoldirgan adabiy meros zarvaraqlari varaqlandi, ibratli hayot yo‘llariga nigoh tashlandi.

Ta’kidlanganidek, O‘tkir Hoshimov «Bahor qaytmaydi», «Dunyoning ishlari», «Nur borki, soya bor», «Ikki eshik orasi», «Tushda kechgan umrlar» kabi roman, qissa va teran hikoyalari bilan millionlab muxlislar qalbidan joy olgan. Voqelikni hayot haqiqatiga omixta qilib, asar qahramonlarining ichki olamini har tomonlama mukammal, to‘g‘ri va aniq tasvirlash hamda unga o‘quvchini ishontira olish adib ijodining asosiy xususiyati edi. Yozuvchi asarlarida inson taqdiri, uning o‘y-xayollarining nozik qirralari o‘z badiiy ifodasini topgan.

Tadbirda o‘quvchilari tomonidan adib asaridan namunalar o‘qib berildi, hajviyalari mahorat bilan sahnalashtirilib, tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi. Diltortar navolar kechaga shukuh bag‘ishladi.

 

Nigora HAKIMOVA,

Toshkent tibbiyot akademiyasi akademik litseyi direktori o‘rinbosari.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan